YEKATERINBURG, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi xodimlarining Ural turizm assotsiatsiyasi (UTA) rahbari M.Malsev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Ural federal okrugi o‘rtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Rossiya aviakompaniyalarining O‘zbekistonga qatnovlari sonini oshirish, rossiyalik sayyohlar oqimini kengaytirish, shuningdek, uralliklarning Toshkent orqali Osiyo-Tinch okeani mamlakatlariga chiqib ketishi uchun «sayyohlik xabi» yaratish takliflari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi hamda «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi vakillarining UTA rahbariyati bilan onlayn uchrashuvini tashkilga kelishib oldilar.