ChELYABINSK, 16-iyul. /"Dunyo" AA/. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida Chelyabinsk viloyat gubernatori o'rinbosari Ivan Kutsevlyak va Surxondaryo viloyat hokimi Ulug'bek Qosimov o'rtasida muzokaralar uyushtirildi. Unda tomonlar sanoat, turizm va ta'lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Ivan Kutsevlyak Rossiya va O'zbekiston rahbarlarining o'zaro ishonchli strategik muloqotlari tufayli ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar barqarorlikni namoyon etib, faol rivojlanayotganini ta'kidladi. Chelyabinsk viloyati Rossiyaning barcha hududlari orasida O'zbekistonga xom-ashyo va energiya resurslar bo'lmagan mahsulotlar eksport hajmi bo'yicha Moskvadan keyin ikkinchi o'rinda turishi qayd etildi.
Bundan tashqari, Surxondaryo va Chelyabinsk viloyatlari tadbirkorlari o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish maqsadida B2B formatida uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar yakunida, tadbirkorlar ikki tomonlama savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishdilar.